"Oddiy sarob". Ukrainada urushayotgan rossiyaliklarning oilalari sun’iy intellekt yordamida ularni qanday qahramonlashtirib "tiriltirmoqdalar"?

- Author, Yelizaveta Foxt, Tatyana Kovtun
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 16 daq
Rossiyalik harbiylarning oila a’zolari Ukraina bosqinida halok bo‘lgan yaqinlari bilan sun’iy intellekt yordamida "uchrashmoqdalar", xandaqlarga "tushmoqdalar" va hatto urushni "to‘xtatmoqdalar". Ko‘pchilik uchun bu judolik azobini go‘yo yengish usuliga aylangan. Harbiy mavzuga talab ortib borayotganini payqagan tijoriy "neyroijodkorlar" uchun esa SI yordamida "maxsus harbiy operatsiya" haqida foto, video va qo‘shiqlar yaratish mo‘may daromad manbai bo‘lib qoldi. Bi-bi-si bunday tijoriy ijodkorlarning o‘zlari ham ko‘pincha urush bilan bevosita bog‘liqligini aniqladi.
"Sen o‘q uz, men duo qilay"
"Maxsus operatsiya yakunlandi. Maxsus harbiy operatsiya muvaffaqiyatli nihoyasiga yetdi. Qahramonlarimiz qaytmoqda", deb yozilgan shahar ko‘chalaridagi ulkan bannerlarda (Rossiya hukumati Ukrainadagi keng ko‘lamli urushni "maxsus harbiy operatsiya" deb ataydi).
Qordan ho‘l bo‘lgan yo‘lak o‘rtasida bolalar aravachasini yetaklagan ayol qotib qolgan; u ortiga o‘girilib, qo‘lida bir dasta atirgul ushlagan harbiy kiyimdagi erkakni ko‘radi.
Ayol uning bo‘yniga osiladi, yuzidan baxt yoshlari quyiladi.
"O‘tinaman, Parvardigor, maxsus harbiy operatsiyani tugatgin-da, yigitlarimizni uyimizga sog‘-omon qaytar", Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik harbiyning rafiqasi, bloger Katya Djin o‘zining Instagram sahifasidagi 15 soniyali videoga shunday izoh yozgan. U obunachilariga xuddi shunday rolik tayyorlash yo‘riqnomasini taklif qiladi – buning uchun unga obuna bo‘lib, "Yuklab olish" so‘zini yuborish kifoya.
21 yoshli Djin (haqiqiy ismi Yekaterina Kirpichnikova) Instagram'da 50 ming, TikTok'da esa 10 million obunachiga ega. U ijtimoiy tarmoqlarni 14 yoshida yurita boshlagan va tezda pul ishlashni o‘rgangan.
Katya o‘smirlarga xos videolar joylashtirar edi: lipsinklar (lab harakatlarini fon musiqasi bilan moslashtirish) hamda savdo markazlarida do‘stlik va sevgi haqida ishlangan sahnalashtirilgan videolar. Djin aynan o‘zi TikTok'da millionlab obunachi olib kelgan trendni boshlab berganini aytib, o‘zini "rils qirolichasi" deb atardi.

Surat manbasi, Катя Джин Инстаграм канали/BBC
Mashhurlik to‘lqinida u firibgarlikda ayblanib sudlangan infobiznesmen Ayaz Shabutdinov asos solgan "Like Sentr" ta’lim kompaniyasida eng yosh murabbiyga aylandi. Hatto uning qo‘lidan "Yosh millioner" mukofotini ham oldi. "Like Sentr"ning ijtimoiy tarmoqlarida Djin 16 yoshidayoq 2 million rubllik shartnoma imzolagani xabar berilgan edi. 2021 yili u Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitinglarga qarshi buyurtma kampaniyada qatnashdi, biroq o‘ziga nisbatan sotqinlik ayblovlarini rad etib, "TikTok siyosat maydoni emas" dedi.
Urush boshlanganidan so‘ng TikTok Rossiyadan chiqib ketdi va Katya o‘z blogidan daromad olish imkoniyatini yo‘qotdi. U faqat oradan uch yarim yil o‘tibgina qayta video joylay boshladi: bu vaqt ichida Djin turmushga chiqishga, farzandli bo‘lishga va erini frontga kuzatishga ulgurdi. Konstantin 2025 yilning ikkinchi yarmida shartnoma imzolagan. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini muvaffaqiyatli infobiznesmen sifatida tanitgan kishining nima sababdan urushga ketishga qaror qilgani noma’lum. Djin bu haqda obunachilariga aytmagan va Bi-bi-si savollariga ham javob bermadi.
Uning ijtimoiy tarmoqlardagi kontenti keskin o‘zgardi: yorqin suratlar va reklama postlari o‘rnini neyrotarmoqlarda yaratilgan harbiy eri haqidagi videolar egalladi. Bu videolar talabgir bo‘lib chiqdi va ko‘p o‘tmay Djin neyrotarmoqlar yordamida kontent yaratish kursini yo‘lga qo‘ydi. Unda harbiy, oilaviy, juftlik va individual fotosessiyalar yaratish darslari bor.
Katya Djin erining "maxsus operatsiya"dagi ishtirokiga bag‘ishlangan birinchi roligini 2025 yil dekabrda joylashtirdi. 2026 yil mart oyiga kelib esa asirga olingan rossiyaliklarni qidirish chatida Konstantinning "Djin" laqabli otdoshi haqida xabar paydo bo‘ldi: "16 fevraldan beri bedarak yo‘qolgan! Xotini va 1,2 yoshli o‘g‘li bor! Qo‘lingizdan kelgancha yordam bering". Konstantinni Kupyansk yo‘nalishida qidirishgan, xabarni esa profilida "neyrokontent" bilan shug‘ullanishi yozilgan ayol qoldirgan.
Bir oy o‘tgach, Djin bedarak yo‘qolgan harbiylarga bag‘ishlangan rolik joylashtirdi. Syujet bo‘yicha u erining holati haqida xabarnoma oladi va yig‘laydi, ersiz yolg‘iz qoladi, dahshatli tushlar ko‘rib uyg‘onadi va eri xandaqlarda snaryadlardan qochib yurganida cherkovda ibodat qiladi. Oxirida er-xotin baribir uyda uchrashadi va ayriliqdan so‘ng quchoqlashadi. Fon musiqasi sifatida Yekaterinaning o‘zi neyrotarmoqlar yordamida yozgan qo‘shiq yangraydi: "Sen jang qil, men esa sevgayman // Sen o‘q uz, men duo qilay. // Biz uzoq bedarak yashashni o‘rgandik, // ammo bir-birimizning tushimizga kirmaslikni o‘rganmadik". Bu trek striming platformalarida bor.
Katya Djin ikki oydan beri yangi neyrovideolar joylamayotgan bo‘lsa-da, sun’iy idrok yordamida yaratilgan harbiy kontentni targ‘ib qiluvchi eng yorqin va talabgir ijodkorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Urush trendiga ergashgan blogerlar endi kamuflyaj kiygan erkaklar va ularni frontdan qaytishini kutayotgan vafodor ayollar tasvirlangan otkritkalarni ommaviy yaratmoqdalar.
"Bunday videoni qanday yaratsa bo‘ladi? Qarindoshim vafot etdi"
2025 yil o‘rtalariga kelib ijtimoiy tarmoqlar bosh qahramonlari rossiyalik harbiylar bo‘lgan, sun’iy ong yordamida yaratilgan surat va videolarga to‘ldi. Ularni asosan Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan harbiylarning rafiqalari joylaydi: bunday kontent yaratish bir vaqtning o‘zida ham qo‘shimcha daromad manbai, ham ayriliq paytidagi sog‘inchni yengish usuliga aylanmoqda. Ayrim ayollar sun’iy intellekt orqali obunachilariga erlarining frontda bedarak yo‘qolgani yoki halok bo‘lgani haqida hikoya qiladi. Bi-bi-si va "Mediazona" hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada 223 mingdan ortiq harbiy halok bo‘lgan.
"Maxsus harbiy operatsiya jangchisi" o‘limiga bag‘ishlangan klassik video shunday ko‘rinishga ega: harbiy kiyimdagi erkak xotini va farzandlarini quchadi, so‘ng ortiga o‘girilib, moviy osmonga tutashib ketgan baland zinadan yuqorilaydi. Zinapoya panjaralari yonida go‘yo o‘zining yerdagi hayotini yakunlagan insonni qarshi olayotgandek farishtalar parvoz qiladi.
Boshqa variantlar ham uchraydi: masalan, erkak va ayol quyosh botayotgan osmonning zarrin nurlari ostida suratga tushadilar, ularning ortida, bulutlar ustida esa Rossiya bayrog‘i hilpirab turgan ustunlar qad ko‘targan. Bunday videolarning mohiyati bitta: inson osmonga ko‘tariladi va oilasiga g‘amxo‘rlik qilishda davom etadi. Shu sababli harbiylar ko‘pincha farishtalar qiyofasida tasvirlanadi, ba’zida ularning boshida hatto nur xalqasi ham paydo bo‘ladi.
Bunday videolarni 2025 yil may oyida Kamensk-Uralsk shahrilik Anna Korablyova yarata boshladi. U singlisi Yelena bilan birga "Videovidolashuv" loyihasiga asos soldi. "VKontakte"dagi hamjamiyat tavsifida aytilishicha, loyiha maqsadi – "amalga oshmay qolgan vidolashuv"ni boshdan kechirishga, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlari bilan yana bir bor «diydorlashishga» yordam berish.
Korablyovaning Bi-bi-siga aytishicha, unga asosan hozirda Ukrainada jang qilayotgan harbiylarning oilalari murojaat qiladilar. Ular fotosuratlar bilan birga Annaga o‘z hikoyalarini ham jo‘natishadi. Buyurtmachilardan biri Korablyovaga erining frontda olgan videosini ko‘rsatgan – kadrlarda harbiylar o‘z safdoshlarining tana qoldiqlarini yig‘ishtirayotgani aks etgan edi.
"Bunday roliklarni tayyorlay boshlagan ilk oylarimda deyarli har kuni yig‘lardim. Vaqt o‘tib, hissiyotlarimni ishdan ajratishni biroz o‘rgandim. Rolik chiroyli, sifatli va marhumning xotirasiga munosib chiqishi uchun ko‘proq texnik jihatiga e’tibor qaratishga harakat qilaman", deydi Anna.
Video narxi 1300 rubldan boshlanib, shoshilinch buyurtmalar 10 minggacha yetadi. 2990 rubl evaziga marhumning oilasiga o‘z vasiyatini aytayotgani tasvirlangan video olish mumkin (o‘xshashlik maksimal darajada bo‘lishi uchun Korablyovaga ovozli xabarlarni jo‘natish kerak); 3 ming rublga ikki nafar marhum ishtirokidagi videoga buyurtma berish imkoniyati ham bor. Bunday roliklarning tannarxi ancha past: Bi-bi-si hisob-kitoblariga ko‘ra, bitta video generatsiyasi 30 rublgacha turishi mumkin, ammo to‘laqonli klip yaratish uchun bunday generatsiyalardan bir nechtasi talab etilishi mumkin.
Korablyovaning loyihasi eng yirik va mashhuri bo‘lib, u haqda hatto federal televizion kanallar ham xabar berdilar, biroq u yagona emas. Ijtimoiy tarmoqlarda aynan shunday xizmatni taklif qiluvchi yuzlab guruhlar va akkauntlar mavjud, video syujetlari ham bir xil. Farq faqat narx va ijro sifatida – ayrim kadrlarda odamlarning qo‘l-oyoqlari yo‘qolib qolishi yoki yuzlari qo‘rqinchli darajada o‘zgarib ketishi mumkin. Bu xizmatlarga talab katta: roliklar ostida foydalanuvchilarning "Menga hoziroq shunday video kerak" yoki "Buni qanday qilsa bo‘ladi? Yaqinim vafot etgandi" kabi izohlarni doim uchratish mumkin.

"Yo men ishimni haqiqatan ham juda yaxshi bajaradigan bo‘ldim, yo menga saxiy odamlar uchray boshladilar. Ko‘pincha ikki baravar ko‘p to‘lashadi va choychaqa ham qoldirishadi. Mening video vidolashuvlarim, aftidan, juda kuchli tuyg‘u uyg‘otadi", deb yozadi vidolashuv roliklarining yana bir muallifi Aliyana o‘zining yopiq Telegram kanalida. U Instagram'da ishidan namuna e’lon qilganida, izohlarda uni "birovning qayg‘usi ortidan pul ishlash"da ayblaganlar ham bo‘ldi.
Biroq Aliyana bu ishi g‘arazli emasligi, balki odamlarga yordam berish uchun shug‘ullanayotganini ta’kidlaydi. Uning o‘zi ham akasi urushda halok bo‘lganidan so‘ng vidolashuv videolarini tayyorlay boshlagan; avvaliga bepulga. "Rosti, video vidolashuvlar orqali pul topaman, deb hech o‘ylamagandim. Ko‘p marta to‘liq neyrofotosessiyalarga o‘tib ketmoqchi bo‘ldim, lekin bu mavzu menga juda yaqin", deya tushuntiradi bloger postlaridan birida.
Fevral oyi oxirida Aliyana "mavzu juda ommalashgani" va neyrovideo tufayli ikki haftalik ta’tilga, kamerali "RayBan" ko‘zoynagiga va "boshqa xohishlari"ga yetadigan pul ishlab olganini yozdi. U hatto bir kunlik daromadi miqdorini ham e’lon qildi: 55 ming rubl (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha taxminan 710 dollar). Uning mijozlari shu qadar ko‘paydiki, endi ularning xabarlarini ikki nafar menejer ko‘rib chiqadi, Aliyananing shogirdlari ham paydo bo‘lgan, buyurtmalarning bir qismini u ularga topshiradi.
Ammo videoxayrlashuvlar mualliflarining hammasi ham bunchalik xaridorgir emas. Ko‘pincha o‘z ishlari namunalarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishning o‘zi kifoya qilmaydi, shuning uchun ayrimlar o‘z xizmatlari haqidagi e’lonlarni Telegram kanallari va harbiylarning yaqinlari uchun ochilgan chatlarga tarqatadi. Bundan tashqari, ular bir-birlarining mijozlarini tortib olishga harakat qiladilar: postlar ostida video buyurtma qilmoqchi bo‘lgan odamning izohi paydo bo‘lsa, unga "tiriltirish" xizmatini taklif qiluvchi bir nechta akkaunt baravariga javob yozadi.
"Bundan bir yil avval neyrotarmoqlarni o‘rgatish va sun’iy intellekt yordamida kontent yaratishga talab juda katta edi – o‘shanda raqobat deyarli yo‘q edi. Menga kuniga bir necha o‘nlab, hatto yuzlab xabarlar kelardi. Hozir bozor to‘yingan va nazarimda, talab bir necha yuz barobarga kamaydi", deydi Anna Korablyova.
Shunga qaramay, uning daromadi sezilarli tushib ketmadi: bir yil ichida doimiy mijozlar guruhi shakllandi, ularning ko‘pchiligi marhumning vafot etganining bir yilligi yoki tug‘ilgan kuniga atab video buyurtma qilish uchun qaytadi. "Dekretdagi ona sifatida men uchun bu, ochig‘ini aytsam, yomon qo‘shimcha daromad emas: oilaviy yumushlar va bo‘sh vaqtimdagi buyurtmalarga ulguraman", deya izohlaydi u.
"Nozik va axloqiy jihatdan murakkab mavzu"
Sun’iy intellekt yordamida odamlarni "tiriltirish" faqat Rossiyada emas, balki boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalgan. "Shu ma’noda, Ukrainadagi urush qatnashchilarini "tiriltirish"ni jahon "raqamli oxirat" sanoatining bir qismi deb hisoblash mumkin", deydi Kembrij Universitetidagi Leverhulm nomidagi intellekt kelajagini o‘rganish markazi tadqiqotchisi Katajina Novachik-Basinska Bi-bi-siga bergan intervyusida.
Tadqiqotchining aytishicha, vafot etgan odamlar ishtirokidagi dipfeyklarni yoki "o‘limdan keyingi avatarlar" deb atalgan tasvirlarni turli sohalarda uchratish mumkin. Dunyo bo‘ylab oilalar bu texnologiyalardan dafn marosimlarida foydalanib, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yaqinlarining simulyatsiyalari bilan muloqot qiladilar. Muzeylar ulardan interaktiv installyatsiyalar uchun foydalanadilar va bu tashrif buyuruvchilarga Xolokostdan omon qolganlar bilan "suhbatlashish" imkonini beradi. Ular sud zallarida ham qo‘llanadi: SI yordamida yaratilgan qurbonlarning tasvirlaridan sud jarayonlarida foydalanildi. Hattoki siyosatda ham. Yaqinda Hindistonda raqamli "tirilgan" siyosatchi saylov kampaniyasida qatnashdi.
Shu sababli, Novachik-Basinskaning fikricha, "o‘lim va yo‘qotish mavzulari ustunlik qiladigan" urush qatnashchilari oilalari orasida SI texnologiyalarning bunchalik ommalashganida ajablanarli hech narsa yo‘q. Shu bilan birga, tadqiqotchi boshqa global mojarolar misolida bu tendentsiya bunchalik keng tarqalganini kuzatmaganini tan oladi.
"Bunday kontentni axloqiy nuqtai nazardan baholash juda mushkul, chunki uning ham shaxsiy, ham siyosiy jihatlari bor", deydi ekspert.
"Qayg‘u-iztirob – avvalo, chuqur shaxsiy va intim kechinmadir. Uni boshdan kechirayotgan odamda bir qator tabiiy hissiy reaktsiyalar paydo bo‘ladi, ayniqsa, o‘lim holatlari haqida ma’lumot yoki jasadni ko‘rish imkoni bo‘lmagan vaziyatda. Voqea qanday sodir bo‘lgani noma’lum bo‘lsa, vidolashish imkoni bo‘lmasa, dafn marosimi va u bilan bog‘liq udumlar o‘tkazilmasa, judolikni yengib o‘tish o‘ta qiyinlashadi, – deya tushuntiradi tadqiqotchi. – Nazarimda, bunday vaziyatlarda vizualizatsiyaning turli shakllari – hatto sun’iylari ham – insonga sodir bo‘lgan voqeani anglash va qabul qilishga yordam berishi mumkin".

Surat manbasi, «Видеопрощание official» / VK/ BBC
Shu bilan birga, Novachik-Basinskaning aytishicha, SI vizualizatsiya judolikni yengishga yordam beradimi yoki aksincha, insonning azob-uqubatlarini kuchaytiradimi, buni aniq aytish imkonsiz – har kim qayg‘uni o‘zicha boshdan kechiradi. "Biz bunday vositalarning qayg‘uni boshdan kechirish jarayoniga psixologik va ijtimoiy nuqtai nazardan qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida hali ham juda kam narsa bilamiz, – deydi u. – Qaysidir ma’noda, hammamiz texnik va madaniy tajriba ichidamiz".
"Vidolashuv" roliklariga munosabat turlicha: ayrim sharhlovchilar videoni ko‘rib yig‘laganini yozsa, boshqalarga bunday kontent kufrdek tuyuladi va uni "Qora ko‘zgu" serialiga (texnologiyalarning inson hayotiga ta’siri haqidagi ilmiy-fantastik antologiya; uning bir qismida ayol sun’iy intellekt yordamida yaratilgan robot – vafot etgan erining qiyofadoshini sotib oladi) qiyoslaydi.
Vidolashuv suratlari va videolariga buyurtma berganlarning o‘zlari ham bunday kontent judolikni yengishga yordam beradimi yoki yo‘q, degan masalada turli fikrda. "Psixologik jihatdan, yo‘q, albatta, yordam bermadi. Bu qanday yordam berishi mumkin?" – deydi Bi-bi-siga halok bo‘lgan erining qabrtoshi uchun SI suratini sotib olgan ayol; u yana ikkita suratni yotoqxonasiga osib qo‘ygan. "O‘g‘limni qucha olmasligimni anglashimda texnologiyalar menga yordam berdimi? Yo‘q! Bu oddiy bir sarob, xolos", deydi Bi-bi-sining yana bir suhbatdoshi.
Ammo kimlar uchundir neyrovideolar marhum bilan yana bir bor uchrashish imkoniyatiga aylanmoqda. "Yaqin insonim yonida bo‘lish imkoniyatini bergani uchun sun’iy intellektga rahmat. Tez kunda seni yo‘qotganimga ham 2 yil bo‘ladi", deb yozdi bir rossiyalik ayol urushga ketgan eri bilan tushirilgan vidolashuv roligi ostida.
Bunday roliklarning siyosiy jihati ancha murakkab, deydi Katajina Novachik-Basinska. "Agar bu kabi texnologiyalar siyosiy maqsadlarda, masalan, targ‘ibot doirasida ishlab chiqilsa va tarqatilsa, jiddiy muammoga aylanadi. Men hatto buni noto‘g‘ri degan bo‘lardim, chunki bu yerda gap siyosiylashtirilgan qayg‘u shakli haqida ketmoqda, bunda muayyan strategik maqsadlar yo‘lida judolik hislaridan foydalaniladi", deya tushuntiradi u.

Surat manbasi, «Фото-трансформация» / «Видеопрощание official»/ BBC
Katajina Novachik-Basinska faylasuf Judit Batler taklif qilgan "motam tutilishga loyiqlik" (grievability) kontseptsiyasini ham esga oladi. "Bu kontseptsiya e’tiborimizni barcha o‘limlar ham jamoatchilik nazarida bir xil ko‘rinavermasligi va barcha yo‘qotishlar ham birdek tan olinmasligiga qaratadi. Kimningdir qayg‘usini hokimiyat, media, mafkura kuchaytirib ko‘rsatishi, – deya tushuntiradi u. – Aynan shuning uchun ham rossiyalik askarlarning raqamli "tirilishi" shunchalik ta’sirchan va axloqiy jihatdan murakkab mavzudir. Chunki urushda har doim kamida ikki tomon bo‘ladi".
SI videolarida Ukrainaga bosqinda qatnashganlar deyarli har doim oilasi va vatanini himoya qilayotgan qahramonlar obrazida ko‘rsatiladi. Bu ukrainaliklarda qanday his-tuyg‘ular uyg‘otishini ularning ba’zi postlar ostidagi izohlaridan bilib olish mumkin:
"Haqiqatni yozing. Ularda qahramonlikning hidi ham yo‘q, arzimas pul uchun begona shaharlarni vayron qilishga ketyapti. Sharmandalik".
"Umid qilamanki, u ustiga "qahramon" deb yozilgan paketda qaytadi".
"Tasavvur qiling, biz sizning o‘sha qahramonlaringiz yerimizdan chiqib ketishini, hammani tinch qo‘yishini qanday kutayotganimizni. Ammo hayotni qaytarib bo‘lmaydi, ular jonimizni oldi".
"Hech bo‘lmasa uyalsangiz bo‘lardi, farzandlarimizni o‘ldirib, qonli pul ishlashga ketgan "qahramon"laringizni ko‘z-ko‘z qilishga".
"His-tuyg‘ularni ifodalashning o‘ziga xos usuli"
2025 yil oxiriga kelib, ijtimoiy tarmoqlarda tirik harbiylar ishtirokidagi SI kontent virus kabi tarqala boshladi. Ukrainaga bosqinning beshinchi yili davom etayotgan va uning tugash istiqbollari noaniq bir sharoitda, jangchilarning yaqinlari muqobil voqelikni yaratmoqdalar: bu voqelikda oilalar har qanday qiyinchilikka qaramay, yana birga bo‘ladi.
Mavzuga doir heshteglar orqali yuzlab shunday videolar va suratlarni topish mumkin. Bu syujetlar ham rang-barangligi bilan ajralib turmaydi. Ularning qahramonlari kutilmaganda bayram kuni yoki urush tugagani sababli uyga qaytib keladi, xotinlari bilan plyajda raqsga tushadi. Ba’zan fotosuratlar ayriliqqa bag‘ishlanadi: askar vayron bo‘lgan uy fonida sevgilisining suratini ushlab turadi. Hazillar ham uchraydi: bir bloger harbiy kiyimdagi eri mashhur reper Toksisning "Go‘shakni ol, bolam" qo‘shig‘i ostida uning raqsini takrorlayotgani aks etgan videoni generatsiya qilgan.
Ko‘pincha askarlarning yaqinlari ommalashgan trendlarni olib, ularni harbiy voqelikka moslashtiradi. Hozir ko‘pchilik bir bola "Tatu" guruhining qo‘shig‘i ostida karuselda uchayotgani tasvirlangan generatsiya qilingan videolarni joylamoqda. Kadrga "Qiziq, katta bo‘lsam, nima bilan shug‘ullanarkinman?" degan titr chiqadi. Shundan so‘ng harbiy kiyimdagi katta yoshli odamning "Men Vatanni himoya qilaman" yozuvli surati paydo bo‘ladi.
Harbiy SI roliklarda yangraydigan musiqa ham ko‘pincha sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan. Masalan, "Men sening farishtang bo‘laman" xitidan Instagram rilslar uchun foydalaniladi, ularda qahramon qiz jangchi erini farishta qanotlari bilan quchoqlaydi. Qo‘shiqni Vitebsk shahrida yashovchi, musiqa va vokalni neyrotarmoqlar yordamida yaratadigan Pavel Ageev (a8p4s taxallusi bilan tanilgan) yozgan. Kompozitsiya shu qadar ommalashib ketdiki, hatto vatanparvarlik qo‘shiqlari festivalida ham ijro etildi.

Surat manbasi, Ульяна Лебедь Телеграм-канали / BBC
Urushayotgan rossiyaliklarning oilalari muloqot qiladigan guruh va chatlar "his-tuyg‘ularni ifodalashning o‘ziga xos usuli" yoki "himoyachilaringiz bilan tushilgan ta’sirli portretlar" kabi iboralar bilan bezatilgan SI xizmatlari reklamalariga to‘la. Ular faqat videolar va fotosuratlar yaratish bilangina cheklanmaydi: SI rassomlar (bunday kontentni sotadiganlar o‘zlarini ko‘pincha shunday ataydi) mavjud suratlarni "jonlantiradi", qabr toshlari dizaynida yordam beradi, halok bo‘lganlarning farzandlari uchun "xotira kitoblari" yaratadi, qo‘shiqlar yozadi va hatto videokliplar ham suratga oladi. Ko‘pincha bunday rassomlar erlari Ukrainada jang qilayotgan ayollar bo‘lib chiqadi. Bi-bi-si SI kontentidan daromad olayotgan o‘nlab harbiylar xotinlarining sahifalarini aniqladi.
"O‘tgan oktyabrda harbiy kishi blindajda o‘tirgancha, sevgilisining suratiga qarab turgan fotosurat trendga chiqdi. Men shunday surat oldirganimdan so‘ng, qizlar ularga ham shunaqa surat yasashda yordam so‘ray boshladi. Erkaklar esa sevgilisiga sovg‘a qilish uchun murojaat qilishardi. Men shunchaki hamma joyni kavlab, duch kelgan tugmani bosaverdim, oxiri nimadir chiqdi", deydi blogerlardan biri, 20 yoshli Veronika Bi-bi-siga. Uning aytishicha, besh oylik bunday ish "ancha daromad" keltirgan, ammo Veronika uning aniq miqdorini aytmaydi.
Ba’zi blogerlar o‘z profillari tavsifida neyrotarmoqlar orqali million ishlab topganini yozadi. Bu rostmi yoki yo‘q, aniq aytish qiyin, biroq SI rassomlarning yuqori daromad topishiga shubha qilishga ham hojat yo‘q. Ayniqsa, SI kontentidan bir yo‘la to‘rt xil usulda pul ishlash mumkin.
Eng oddiysi: buyurtma asosida shunday foto va videolar generatsiya qilish – narx 200 rubldan 10 ming rublgacha o‘zgarib turadi. Ikkinchi usul – promtlarni (ya’ni, foto, video va matn yaratish uchun chat-botlarga beriladigan ko‘rsatmalarni) yoki shu promtlar e’lon qilinadigan yopiq Telegram kanalga kirish huquqini sotish. Vaholanki, ularning bepullarini ham osongina topish mumkin. Neyrotarmoqlardan foydalanishga qo‘li kelib qolgan blogerlar yangilar uchun o‘quv kurslarini tashkil etayaptilar – bunday kurslarning narxi unchalik yuqori emas, 3-4 ming rubl atrofida. Nihoyat, referallar, ya’ni taklif etilgan foydalanuvchilar ham yaxshigina daromad keltirishi mumkin. Rossiyalik blogerlar neyrofoto va video yaratish uchun Telegram'dagi hamkorlik dasturini taklif qiluvchi botlardan foydalanadilar: foydalanuvchi botga qancha ko‘p odam jalb qilsa, shuncha ko‘p pul ishlay oladi.
Veronikaning Instagram sahifasi sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan ishlar bilan to‘lgan: bosh qahramonlar qizning o‘zi va uning safarbar qilingan eri. Veronika eri ketidan o‘zini "Donetsk Xalq respublikasi" deb e’lon qilgan hududga ko‘chib o‘tgan. Uning rils-videolari "har bir harbiyning xotini/sevgilisi shunday suratlar oldirishi shart" kabi izohlar bilan e’lon qilinadi. Veronikani 5 mingga yaqin odam kuzatadi va u o‘z kuzatuvchilarini suratlar generatsiya qilish uchun o‘zining pullik botidan foydalanishga da’vat etadi.
"Bu ishga [urushga] aloqador bo‘lgan oilalilarning fotosessiyaga borishga imkoni yo‘q, shuning uchun biz vaziyatdan shunday chiqyapmiz. Qolaversa, shunchaki his-tuyg‘ularimiz va kechinmalarimizni ifodalaydigan suratlar ham bor", deya Veronika SI kontentga ortib borayotgan talabni izohlaydi (garchi, o‘zining tan olishicha, bu unga ayriliqni yengishga yordam bermayotgan bo‘lsa ham).
Veronikaning aytishicha, uning urush bilan bog‘liq bo‘lmagan kontent uchun ham g‘oyalari bor, biroq harbiylarning xotinlari uning mijozlarining "to‘lov qobiliyati eng yuqori" qatlamini tashkil etadi. Nima uchun aynan harbiylarning xotinlari bunday xizmatlarni sotishi haqidagi savolga u to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Oson daromad", deb javob beradi.
Bloger Ulyana Lebed Bi-bi-siga generatsiyalar va o‘quv kurslari orqali oyiga o‘rtacha 150-200 ming rubl ishlab topishini aytdi. SI dan avval ham uning 17 ming obunachiga ega blogi bo‘lib, unda u harbiy eri bilan kechirayotgan hayoti haqida so‘zlab borardi. Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kanali tufayli unda doimiy mijozlar oqimi paydo bo‘ldi: u kuniga o‘rtacha 40-50 ta suratga ishlov beradi. Bayramlar arafasida talab keskin oshadi. Ulyana 23 fevral arafasida buyurtmalar shunchalik ko‘payib ketganidan, dugonasini yordamchi qilib olib, kun bo‘yi ishlaganini eslaydi. Dekabr oyida ham talab yuqori bo‘lgan. Uning aytishicha, bayram kunlari daromad ikki barobar oshishi mumkin.

Surat manbasi, Ульяна Лебедь Телеграм-канали / BBC
"Ishni endi boshlaganimda, ikki hafta deyarli uxlamadim. Qaytanga, suratlarim TikTok'da ko‘p ko‘rila boshladi, juda katta buyurtmalar tushdi. Erim meni koyirdi: «Nega o‘zingni qiynaysan? Uyg‘onganingda qilaverasan-ku», deb eslaydi Ulyana. U qizini yolg‘iz tarbiyalaydi, shu bois masofaviy ish topishni istagan. Boshqa bir variant yarim stavkalik ish edi, ammo uning maoshi hozirgi daromadidan ancha past bo‘lardi. «Mening dugonamning ikkita bolasi bor, u [Rostov-na-Dondagi] «Magnit Kosmetik»da yarim kun ishlaydi, 18 ming rubl oladi. Men bu ishga borib-kelish uchun benzinga undan ko‘proq sarflayman".
Harbiylarning xotinlari har doim ham "maxsus harbiy operatsiya" haqidagi kontentni targ‘ib qilavermaydilar. Bi-bi-si bilan anonimlik sharti bilan suhbatlashgan blogerning ta’kidlashicha, vaqt o‘tishi bilan bu mavzu uning auditoriyasi uchun qiziqarsiz bo‘lib qolgan: "Men SI bilan o‘tgan yilning oktyabr oyida shug‘ullana boshladim va aynan harbiy mavzudagi promtlarga urg‘u berdim, keyinroq harbiy blokka ega o‘quv kursimni ishga tushirdim – bozorda hali bunday narsa yo‘q edi. Lekin Instagram'da harbiylarning xotinlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, obunachilar oqimi juda sust edi. Telegram kanalimdan harbiy mavzuni olib tashlaganimdan so‘ng, odamlar faol obuna bo‘la boshladilar, kuniga deyarli 1000-2000 kishidan qo‘shilardi". Hozirda qiz "dunyoviy ayol" obraziga e’tibor qaratmoqda: qimmatbaho intererlarda, qoplon liboslarida, gullar va besh ming rubllik kupyuralar bilan tushgan generatsiya qilingan suratlarni e’lon qiladi.
Teskari holatlar ham mavjud. Bi-bi-si erlari, ehtimol, frontda bo‘lmagan, lekin ularni SI videolarda muntazam ravishda harbiylar qiyofasida tasvirlaydigan bir nechta bloger ayollarni topdi. Ular o‘zlarini "maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilarining xotinlari" deb tanishtirmaydilar, shunchaki o‘z xizmatlarini shu tarzda reklama qiladilar. Masalan, bir rassom ayol o‘zining hayotdagi turmush o‘rtog‘ini Rossiya harbiy kiyimidagi sharpa sifatida tasvirlangan rolikni joylashtirdi. "SI nimalarga qodir-a? Bu shunchaki daxshat", deyiladi izohda.
"Harbiy forma dolzarbligini yo‘qotadi"
Neyrobotlar 2024 yildayoq ommalasha boshlagan edi: har kuni yangilari paydo bo‘lmoqda, hozir ularning soni o‘n minglab, balki yuz minglabdir, deydi Bi-bi-siga Combot hamjamiyat tahlili xizmati bosh direktori va Rusiyzabon hamjamiyat menejerlari assotsiatsiyasi hammuassisi Fyodor Skuratov.
Skuratovning fikricha, bot yaratuvchilarning daromadi unchalik katta emas: bitta botdan oyiga 1 million rublgacha pul ishlash mumkin. "Ob’ektiv qarasak, bu mikrobiznes. Botlar asosida qurilgan yagona yirik biznes, deydi u.
SI rassomlarning o‘ziga kelsak, Skuratovning bashorat qilishicha, katta daromadlar davri qisqa bo‘ladi va ularning daromadlari yaqin kelajakda pasayadi. Referral tizimi "eng foydali usul emas", deydi ekspert.
"Ilgari, masalan, to‘y suratlariga ishlov berib, shu orqali pul ishlaydigan fotoshop ustalari bo‘lardi. Hozir ham neyrotarmoqlardan hatto bot orqali ham foydalana olmayotganlar bilan xuddi shunday vaziyat – ular bu ishda qo‘lini ancha keltirib olgan odamga ozgina pul to‘lashni afzal ko‘rishadi, – deya tushuntiradi Skuratov. – Bundan 10 yil avval fotoshop orqali 20 ming rubl topish mumkin edi. Hozir esa [neyrokontentda] 200–500 ming rublgacha pul ishlash mumkin. Olti oydan keyin bu bozorda daromad qiladiganlar soni 10 barobarga oshadi. Daromadlar esa yana 20–50 ming rublgacha tushib qoladi".

Surat manbasi, Tama Tako / Instagram / BBC
Harbiy mavzudagi sun’iy intellekt kontenti tez orada hech kimga qiziq bo‘lmay qoladi, deb hisoblaydi bloger Ulyana Lebed.
"Maxsus harbiy operatsiya tugaydi, erlar uyga qaytadi va bu narsalarning barchasi, qo‘pol qilib aytganda, bir tiyin bo‘ladi. Balki ayrim [so‘rovlar] qolar, lekin harbiy forma, vayron bo‘lgan uylar… bu kabi mavzular o‘z dolzarbligini yo‘qotadi".
Muharrir: Olga Shamina






























