AQSh Eron radarlarini urganini, Eron esa javob qaytarganini aytdi

Dam olish kunlari Amerika va Eron hujumlar haqida xabar berarkan, Bi-bi-si sun’iy yo‘ldosh suratlariga asoslanib, Eron Yaqin Sharqdagi AQShning 20 harbiy bazasini shikastlaganini aniqladi.
AQSh dam olish kunlari Eron harbiy ob’ektlariga zarba berganini xabar qildi.
Tehron esa javob tariqasida Amerika bazasini nishonga olganini aytdi, ammo Yaqin Sharq mamlakatlaridan qay biridagi baza ekanin ochiqlamadi.
Ushbu hujumlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi bir hafta ichida kuzatilgan uchinchi keskinlashuv bo‘ldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (Centcom)ga ko‘ra, «xavfsizlik maqsadidagi zarbalar»ni amalga oshirgan, bu «Eronning tajovuzkor harakatlari»ga javob bo‘lgan.
Centcomga ko‘ra, bu harakatlar orasida xalqaro suvlar ustida AQSh dronining urib tushirilgani ham bor.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) janubiy Eronga qilingan hujumda foydalanilgan AQSh kuchlari havo bazasini nishonga olganini bildirdi.
Shu bilan birga, Quvayt o‘z havo mudofaa tizimi «dushmanona» raketalar va dronlarga qarshi harakat qilganini ma’lum qildi.
Mamlakat tashqi ishlar vazirligi keyinroq «jinoiy va qayta-qayta sodir etilgan eron hujumlari»ni qoraladi.
1 iyun kuni ertalab Tramp Truth Social tarmog‘idagi bayonotida tanqidchilarini «tinchlanib o‘tirishga» chaqirib, «oxiri barchasi yaxshi bo‘lishini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron «kelishuv tuzishni juda istayapti va bu AQSh uchun yaxshi kelishuv bo‘ladi».

Bu zarbalar ikki tomon o‘rtasidagi navbatdagi almashuv bo‘lib, bir necha oy davom etgan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar dam olish kunlari oldinga siljimagach, yuzaga kelgani xabar qilinmoqda.
AQSh ommaviy axborot vositalari Prezident Tramp shartlarga o‘zgartish kiritishni so‘raganini xabar qildi.
BBC'ning AQShdagi hamkori CBS News ma’lum qilishicha, o‘zgartishlar Hurmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik yo‘li va yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqib ketish bilan bog‘liq.
Oq Uy bu boradagi izoh so‘roviga javob bermadi.
Eron bosh muzokarachisi yakshanba kuni Tehron Eron huquqlari to‘liq ta’minlanmaguncha hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmasligini bildirdi.

Surat manbasi, Getty Images
Bundan avval AQSh OAV Prezident Donald Tramp Erondan ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi loyihasiga «o‘zgartishlar kiritish»ni talab qilganini xabar qilgan edi.
Axios nashri manbalarga tayanib, Tramp hujjatda Eronning yadro dasturi bo‘yicha aniq yon bosishlari qayd etilishini talab qilayotganini ma’lum qildi.
AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi aprel boshidan beri amal qilib keladi.
Prezident Tramp bir necha bor AQSh bilan Eron doimiy kelishuvni imzolashga yaqinlashganlari va muzokaralar ilgarilayotganini aytgan, biroq hozirga qadar rasmiy kelishuvga erishilmagan.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar memorandum shartlarining katta qismini allaqachon kelishib olganlar.
Ular orasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin kemachilikni bojlar va ta’qiblarsiz ta’minlash, shuningdek Eronning 30 kun ichida bo‘g‘oz suv hududidan dengiz minalarini olib tashlash majburiyati bor.
Kelishuv, shuningdek, Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha kengroq muzokaralarga va Eronga qarshi sanksiyalarni ehtimoliy yumshatishga yo‘l ochishi kerak.
Ayni paytda qator masalalar hali ham bahs mavzusi bo‘lib turipti va Vashingtondagilar bitim barbod bo‘lishi mumkinligi tan olayaptilar.
CBS News ham xabar berishicha, kelishuvning so‘nggi versiyasi o‘t ochishni to‘xtatish tartibini yana 60 kunga uzaytirishni nazarda tutgan bo‘lib, bu tomonlarga Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash imkonini beradi.
Bi-bi-si sun’iy yo‘ldosh suratlaridan nimalarni aniqladi?
Eron urush boshlanganidan beri AQShning 20 dan ziyod harbiy ob’ektiga zarar yetkazgan.
BBC Verify tahririyati tahlil qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Eron hujumlari ommaga ma’lum qilinganidan ko‘ra kengroq bo‘lganini anglatadi.
Fevral oxiridan beri Eron Yaqin Sharqdagi sakkiz mamlakatda joylashgan muhim ob’ektlarni nishonga oldi, zamonaviy havo mudofaa tizimlari, yoqilg‘i quyish samolyotlari va radarlarga millionlab dollarlik zarar yetkazdi.
So‘nggi uch oy davomida Eron va Livan bo‘ylab amalga oshirilgan AQSh-Isroil zarbalariga javob sifatida Tehron AQSh bazalariga ham, qo‘shma harbiy inshootlarga ham hujum qildi.
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, "Epic Fury" operatsiyasi boshlanganidan beri Eronda 13 mingdan ortiq nishon urilgan.
Eron Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Mujtabo Homanaiy AQSh ob’ektlariga zarba berishda o‘z qo‘shinlarining muvaffaqiyatini ta’kidldi.
26 may kuni e’lon qilingan Oyatulloh bayonotida Yaqin Sharq endi Amerika bazalari uchun "xavfsiz joy emas"ligi urg‘ulandi.
Oq Uy bir necha marta Eron armiyasi deyarli butunlay yo‘q qilinganini ta’kidlaganiga qaramay, tahlilchilar AQSh ob’ektlariga yetkazilgan zarar Tehronning qarshi hujumlari amerikalik amaldorlar avval tan olganidan ko‘ra ancha aniq va keng qamrovli bo‘lganini ko‘rsatayotganini bildiradilar.
AQSh harbiylari "operatsion xavfsizlik sabablari"dan kelib chiqib, BBC Verify xulosalariga izoh berishdan bosh tortdilar.
Eron bilan urushga oid sun’iy yo‘ldosh tahlillarini cheklashga qaror qilgan AQSh yirik sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ta’minotchisi hisoblanadigan Planet kompaniyasidan Eron va Yaqin Sharqning katta qismiga oid yangi rasmlarga «noma’lum muddatga» cheklov qo‘yishni so‘ragan.
Kompaniya bu qarorni tasvirlar «qarshi tomon o‘yinchilari tomonidan ittifoqchilar va NATO sheriklari hamda fuqarolarni nishonga olish uchun ishlatilmasligini ta’minlash» istagi bilan izohlagan.
BBC Verify Eron hujumlari natijasida yetkazilgan zararni aniqlash uchun boshqa xalqaro manbalardan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va Planet'ning eski rasmlaridan foydalandi.
Ob’ektlar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Quvayt, Iroq, Iordaniya, Bahrayn va Ummonda joylashgan.
Aslida zararlangan bazalar soni bundan ko‘p bo‘lishi mumkin — ayrim tahlilchilar bu raqamni 28 tagacha deb baholamoqda.






























